
Markaz haqida
O‘tgan davrga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, sanitariya-epidemiologiya muassasalari sonining ko‘payib borishi, ular faoliyatining markazlashtirilgan holda boshqarishni hamda tashkiliy-uslubiy markazi yaratishni talab qildi. Shu maqsadda 1952 yilning 13 mayida Respublika Vazirlar Mahkamasining 838-sonli Qarori asosida Respublika Sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi - SES tashkil etildi. Respublika SES-da dastlabki yillarda jami 68 nafar xodim bo‘lib, shundan 19 tasi oliy ma’lumotli vrachlar edi...
1960 yilda Respublikada 154 ta, sanitariya-epidemiologiya stantsiyalari faoliyat ko‘rsatdi. 1963 yilda Vazirlar Mahkamasining “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1967 yilga kelib Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan respublikada, sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tuman SESlarining mustaqilligini tiklash toʼgʼrisidagi qarori qabul qilindi hamda 1956 yilda tuman markaziy kasalxonasiga biriktirib qoʼyilgan tuman SESlari mustaqilligi taʼminlandi. Birinchi bor 1968 yilda Oʼzbekiston sanitariya-epidemiologiya xizmatini markazlashtirilgan boshqaruv va moliyalashtirish amalga oshirildi. 1973 yil 31 mayda Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda Davlat sanitariya nazorati toʼgʼrisida”gi Qarori chiqdi. Bu hujjatning qabul qilinishi Oʼzbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmatining rivojlanishida yangi bosqichni belgilab berdi. 1974 yildan boshlab, sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriya tekshiruvlari (tahlillari) markazlashtirildi. Toshkent shahrida va 9 ta viloyatlarda 31 ta tumanlararo laboratoriyalar tashkil etildi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Vazirlar Mahkamasining 1978 yil 24 iyuldagi “Sanitariya-epidemiologiya xizmatini yaxshilashning kelgusidagi choralari toʼgʼrisida”gi 422-sonli qarorining qabul qilinishi Respublikada nafaqat Sogʼliqni saqlashni muhofazalash ishlarining rivojlanishida, balki joriy va yakuniy sanitariya nazoratining takomillashtirishda, boshqa mutasaddi muassasa va korxonalar tomonidan tashqi-muhitni ifloslantirishga yoʼl qoʼyilmaslik, suv taʼminotini yaxshilash, aholi yashash punktlarida sanitariya tozaligiga eʼtibor berish, umumiy ovqatlanish korxonalarida bolalar muassasalarida sanitariya tozaligi, sogʼliqni muhofaza qilish tadbirlarining bajarilishini yaxshilashga asos boʼldi. 1992 yil 3 iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengash Qarori bilan “Davlat sanitariya nazorati toʼgʼrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun Davlat sanitariya nazorati faoliyatini huquqiy asosidir. Bu qonunning qabul qilinishi (umumdavlat ahamiyatga ega boʼlib) aholining sanitariya va epidemiologik xavfsizligini taʼminlashdek tadbirlarni bajarilishida umumdavlat ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda respublika hududida jami 227ta DSENM, shundan 157tasi tuman, 40ta shahar, 14ta viloyat miqyosidagi, 15ta idoraviy va 1ta Respublika DSENM faoliyat koʼrsatmoqdalar.